chorshanba, 2019 Sentabr 18
33° TAS
9411.3 USD
146.51 RUB
10421.13 EUR
11764.13 GBP

O‘zSSR Prezidentining 28 yil avvalgi farmoni mustaqillikka qadam edimi?

SIYOSAT
25-avgust 2019
497

28 yil avval Islom Karimov imzolagan nomsiz farmon nimani anglatgan? U mustaqillikka yo‘l ochganmidi?

O‘zSSR Prezidentining 28 yil avvalgi farmoni mustaqillikka qadam edimi?

Bundan roppa-rosa 28 yil avval, 25-avgust kuni O‘zbekiston SSR Prezidenti Islom Karimov rasmiy manbalarda nomsiz keltirajak farmonni imzolagan.

Shoshilinch kuchga kirgan farmon

Hujjatda "vujudga kelgan ahvolni e’tiborga olib va respublika manfaatlarini himoya qilish" maqsadlari ilgari surilgani aytiladi. Unga muvofiq:

1. Respublika Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizligi komiteti Moskvadan ayro O‘zbekiston SSRning qonuniy tasarrufiga olingan.

2. Mazkur idoralarning rahbarlari ikki hafta muddat ichida Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizligi komiteti idoralarining maqomi hamda Nizomini qaytadan ko‘rib chiqib, birinchi navbatda respublika va uning fuqarolari xavfsizligini, manfaatlarini muhofaza qilishni nazarda tutishi ta’kidlangan.

3. Respublika hududida joylashgan SSSR Ichki ishlar vazirligining ichki qo‘shinlari bevosita O‘zbekiston SSR Prezidentiga bo‘ysundirilgan.

4. O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi Rayosatiga juda qisqa muddatda respublikaning Davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi Qonun loyihasini tayyorlash va uni O‘zbekiston SSR Oliy Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi muhokamasiga taqdim etishi taklif qilingan.

5. O‘zbekiston SSR Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizligi komiteti, prokuraturasi va adliya idoralari, shuningdek, respublika hududida joylashgan ichki qo‘shinlar, Turkiston harbiy okrugi qismlari va qo‘shilmalari partiyadan holi qilingan.

"Belgilab qo‘yilsinki, bundan buyon yuqorida ko‘rsatilgan idoralar va muassasalarda siyosiy partiyalar va harakatlarning yangi tashkiliy tuzilmalarini vujudga keltirishga yo‘l qo‘yilmaydi", deyilgan hujjatda. 

Aslida nimalar bo‘lgandi?

1991 yili 19 avgustda Moskvada tushunarsiz bayonot paydo bo‘ldi. Go‘yo Prezident Gorbachyovning sog‘lig‘i yomonlashgani tufayli uning vazifa va vakolatlari vitse-prezident Yanaevga o‘tkazilgani e’lon qilindi. Favqulodda vaziyat bo‘yicha davlat qo‘mitasi (GKChP) tuzildi. Aslida SSSR Prezidenti o‘z qarorgohida qamal qilingandi.

Sakkiz kishidan iborat qo‘mita vakillari Prezident boshlagan islohotlar boshi berk ko‘chaga kirib qolgani, hamma sohani qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi. Mohiyatan bu bayonot ichki davlat to‘ntarishi yuz berayotganini bildirardi.

SSSR baribir parchalanishi aniq edi

1991 yil 17 mart kuni SSSRda umumxalq referendumi o‘tkazildi, Gorbachyov taklifi bilan SSSR o‘rnida Mustaqil davlat konfederatsiyasi tuzilishi kerak edi. Ushbu kelishuv shartnomasi esa 20 avgust kuni imzolanishi belgilangandi. 

GKChP a’zolari Gorbachyovni qattiqqo‘l bo‘lmay, ittifoqdoshlarning "bebosh" siyosatiga munosib munosabat qila olmaslikda aybladi. Voqealar ketma-ketligi shunday qaror topdi: kelishuv imzolanmadi, unga bir kun qolganda davlat to‘ntarishi yuz berdi.

Yelsin to‘ntarishni to‘xtatgan odam edimi?

Shunga qaramay, RSFSR rahbari Boris Yelsin GKChP harakatini qoraladi, u Moskvada Yanaev guruhiga jiddiy qarshilik ko‘rsata boshladi. Tez orada poytaxtdagi harbiylar Yelsin tomonga o‘tdi. Gorbachyov qamaldan qutuldi.

GKChP a’zolari xiyonatda ayblandi, tergov davomida SSSR Ichki ishlar vaziri Pugo o‘z joniga qasd qildi.

Mustaqillik vaziyat talabiga aylandi

Vaziyat shuni taqozo etdiki, SSSR davlatlari baribir mustaqil bo‘lishi kerak. Negaki, GKChP voqealariga qadar, Gruziya o‘z mustaqilligini e’lon qilgan beshinchi ittifoqdosh davlatga aylangandi. Armaniston, Ukraina va Moldova pozitsiyasi o‘zgarishi bilan O‘zbekiston ham qat’iy qarorga kelishi kerak bo‘lgan.

25 avgust kuni mustaqillik uchun zarur sharoitlar tayyorlash, kuch va armiyani bo‘ysundirish bo‘yicha farmon imzolandi. Shunday qilib, O‘zbekiston mustaqillik sari qadam qo‘ydi.

Alisher Ro‘zioxunov

Bog'liq Yangiliklar

Togri.uz haqida

"Togri.uz" saytida nashr etilgan matn, audio va video materiallardan foydalanilganda birinchi xatboshidayoq ularga havola berilishi va “togri.uz” nomi eslatilishi shart. Guvohnoma: №1295. Berilgan sanasi: 10.06.2019. Muassis: “True Press Network” MCHJ. Rahbar: N. Ibragimov. Tahririyat manzili: 100017, Toshkent shahri, Sharof Rashidov ko‘chasi, 16-uy. Email: info@togri.uz. +998 71 207 11 16