chorshanba, 2019 Sentabr 18
33° TAS
9411.3 USD
146.51 RUB
10421.13 EUR
11764.13 GBP

Hojiboy Tojiboyev: “San ketmon bilan beliga, man o‘roq bilan oyog‘iga uraman”

LIFESTYLE
25-avgust 2019
503

25-avgust o‘zbek kulgu ustasi Hojiboy Tojiboyevning tug‘ilgan kuni. Togri.uz ko‘p yillar sahnada bo‘lib, xalqni qiziq gaplari bilan kuldirgan so‘z ustasining ijodidan parchalarni yig‘di.

Hojiboy Tojiboev: “San ketmon bilan beliga, man o‘roq bilan oyog‘iga uraman”

Bugun o‘zbek kulgu ustasi Hojiboy Tojiboyevning tug‘ilgan kuni. Shu munosabat bilan uning xalq yodida qolgan hazillarini eslaymiz.

“Bir o‘zbekdan so‘rashibdi: — Nimaga sizlar savolga savol bilan javob qaytarasizlar? O‘zbek javob qaytaribdi: — O‘zingiz nima deb o‘ylaysiz?”

“Mendan bir so‘rashadi, Mahmud Namozov hozir qayerda ishlayaptilar? deb. Man “Koreya elchixonasida” deb aytdim. “Nima ish qilyaptilar?, kim bo‘lib ishlayaptilar?” dedi. “Koreys bo‘lib ishlayapti”, dedim.”

“Mazza qilib reklama ko‘rib o‘tirganingda, kino qo‘yib yuborishadi!”

“Qishloqda joy yo‘q sevishganlarga, ha, joy yo‘q, g‘o‘zapoyalarning orqasida yuradimi-yey, buzilgan traktorlarning tagida o‘tiradimi-yey, tutlarni shoxiga chiqvoladimi-yey, birov ko‘rmasin deb.”

“Qarang, manga tunov kuni bittasi nima deydi: “Xoji aka, siz bizni televizorda chiqqansiz-a”, — deydi. Men unga: “Yo‘q, chiqqanim yo‘q”, — desam. “Aldamang, yangi yil kuni bizning televizorda chiqdingiz-ku, deydi. Birinchidan, man sanikiga borganim yo‘q”, dedim. “Ikkinchidan, televizoringga chiqsam, televizoring mani ko‘taraolmaydi”, dedim. Televizorning ustiga chiqvolsam-a... Shunaqa gaplarimiz ham bor.”

“Ba’zan eshitib qolamiz: “Man, — deydi — Toshkanddagi pedinstitutni bitirganman”, — deydi. Nima, san bormasang bitmay qolarmidi? San borib bitkazib keldingmi?”. “Man, — deydi Farg‘onani tugatganman”. Ha, Farg‘onani tugatgan bo‘lsang, turibdi-yu , joyida. Farg‘onani tugatib bo‘ladimi, o‘zing tugab qolishing mumkin.”

“Gapimiz qiziq-da. Mehmon qaytishda «Endi bizga uzr, biz qaytamiz”, — desa uyning egasi albatta “Ovqatga o‘tirmaysizlarmi”, — deydi. Mehmonlar: “Rahmat, boraylik” desa uy egasi: “Sho‘rvaga o‘tirmadinglar-da”, — deydi. Sho‘rvaga o‘tirib bo‘ladimi? Bir qozon sho‘rvaga mehmonlar kelib o‘tirvolsa-ya...”

“Endi tasavvur qilib ko‘ring, diktorimiz Rahmatilla Mirzayev kechasi Yunusobodda uxlayapti. Kechasi soat to‘rtda telefon jiringladi: “Tezda televideniyega yetib keling, bomba tushibdi, e’lon qilish kerak”. Diktor turib ko‘chaga yuguradi. Kechasi mashina yo‘q, to‘xtamaydi mashina. Yarim kechasi maykachan Rahmatilla Mirzayevni birov tanimaydi, kelyaptilar; man xalqqa e’lon qilishim kerak, bomba tushibdi ekan. Hech qachon televideniyega qarab yugurmaydi. Uyam bolasini olib qochadi. Televizorda o‘tirgan navbatchilar ham tashlab, qochib ketadi. Biz radioni qo‘yib o‘tirsak, e’lon aytarmish. Qayoqda, hammasi juftakni rostlaydi. Yana nima emish: «Bolalarni kiyintirib bo‘lgandan keyin svetlarni, gazlarni o‘chirib, elektr apparatlarini o‘chirib, derazalarga qora parda tutib, keyin tashqariga chiqish kerak emish”. Bitta uyda oltita deraza bor. Hammasiga parda tutib chiqish kerak ekan. Hammasiga parda tutish uchun 10 minutdan bir soat vaqt ketadi. Qo‘lida mixcha, bolg‘acha, taburetkaga chiqib olgan: bo‘l tez-tez, mixdan olib ber, bomba tushib bo‘lgan allaqachon. O‘ziyam qirq minut bo‘lib qolgandir. Padaringga la’nat qayrilib ketdi-yu, shoshilganda o‘zi shunaqa bo‘ladi. Ii... boshqasini olib ber, bo‘l tez-tez, yana to‘rtta deraza bor hali. Axir shoshilmasdan bo‘ladimi, bu paytda. Yana ketayotib bir haftalik ovqat bilan ko‘chaga chiqish kerak emish. Ikki paqir suv bir xo‘jalikka yetmaydi. To‘rt paqir suvni ko‘tarib bo‘lmaydi. Xotin sho‘rlik mast erini ko‘tarib chiqadimi, to‘rt paqir suvni ko‘taradimi, bolasini ko‘taradimi. “Qo‘shnilar, chiqinglar, bomba tushibdi!” “Qanaqa bomba?” “Atom bomba”. Ishonmasdan: “Yo‘q-e”... Agar dushman qo‘shni bo‘lsa-chi; “Qandaysizlar, yotaveringlar, tinchlik... O‘zlaring yaxshimi, battar bo‘linglar, erib ketinglar. Rosa soz bo‘ldi-da! O‘zi kakraz dushman edi”.

“Ana, osh kelyapti”, — deydi. Osh kelmaydi, oshni olib kelasan, kerak bo‘lsa. Yo biror marta ko‘rganmisizlar laganning kelayotganini. “Ana osham kelyapti, bu oshni bir urar ekanmiz-da”, deydi. Nimaga urasan oshni? “Qani urdik!” deydi. Urarmish qarang, yemas emish. Bir lagan oshni qo‘yib qo‘ysangiz bizning xalqlarimiz indamay yeyavermaydi. “Qani, qani”, — deyaveradi. “Qani mehmon, qani”, — desa bunisiyam; “qani, qani, Hojiboy aka qani-qani. Iye, az shumo, az shumo, qani, qani, qani... Ana aka, oldingizda turibdi-ku! Ko‘rmayapsizmi, ana, turibdi”. O‘zi ko‘rsatib yana “qani, qani” deydi. Qo‘li laganga tegib turibdi, “qani, qani, qani-qani”.

Bir biznesmen yigit mahallada yashaydigan bir oqsoqolni uyiga chaqiribdi. Oldinlari uyi to‘la odam bo‘ladigan yigitga qarab, otaxon asta so‘rabdi: — Ha, bolam, tinchlikmi? — Tinchlik, otaxon, tinchlik. Shu kichkinagina bankrotcha bo‘lib qoldim. Shunga bir duo qilib yuboring,— debdi biznesmen. — Omin, iloyo bundan keyin katta-katta bankrot bo‘lib yurgin, — deb duo qilibdi otaxon!

Bog'liq Yangiliklar

Togri.uz haqida

"Togri.uz" saytida nashr etilgan matn, audio va video materiallardan foydalanilganda birinchi xatboshidayoq ularga havola berilishi va “togri.uz” nomi eslatilishi shart. Guvohnoma: №1295. Berilgan sanasi: 10.06.2019. Muassis: “True Press Network” MCHJ. Rahbar: N. Ibragimov. Tahririyat manzili: 100017, Toshkent shahri, Sharof Rashidov ko‘chasi, 16-uy. Email: info@togri.uz. +998 71 207 11 16