чоршанба, 2019 Сентябр 18
33° TAS
9411.3 USD
146.51 RUB
10421.13 EUR
11764.13 GBP

Xalq kushandasi yoxud “surish kerak” fenomeni haqida

JAMIYAT
Сентябр 12 2019
328

Toshkentdagi “Malika” bozorida IIV tomonidan uyushtirilgan, pirovardida yuzga yaqin O‘zbekiston fuqarolarining majburiy ravishda soqollari olinishi bilan tugagan reyd jamoatchilik ongida chuqur iz qoldirdi, deb hisoblaydi togri.uz kolumnisti Muhammad Shakur.

Xalq kushandasi yoxud “surish kerak” fenomeni haqida

Sirli reyd

Toshkentdagi “Malika” bozorida IIV tomonidan uyushtirilgan, pirovardida yuzga yaqin O‘zbekiston fuqarolarining majburiy ravishda soqollari olinishi bilan tugagan reyd jamoatchilik ongida chuqur iz qoldirdi, desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Hodisa haqida eshitgan, farzandlarining kelajagini shu zamin bilan bog‘lagan va O‘zbekistonning ertasi idoralarning mayli bilan emas, balki qonunlar bilan bog‘lanishiga umid qilganlarning ongini bu hodisa bir fursat falaj qilib qo‘ydi – mazkur “tadbir” bilan inson huquqlari masalasi bizda ham sekin-asta epaqaga kelishiga umid bog‘layotganlarga qaratib, “chuchvarani xom sanabsizlar” deyishgandek bo‘ldi. Va buni boshqa birov emas – huquq-tartibot idorasi qildi...         

Emigratsiya

Shu tobda ommaning fikru-zikri ko‘zgusiga aylangan ijtimoiy tarmoqlarda “surish kerak” iborasi ko‘p ishlatilib, mazkur mavzu gradusi gohada kuchayib, gohada pasayib turadigan bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqning o‘ziga xos tilida bu – “surish kerak” ma’nosi yurtni tark etish – emigratsiyani nazarda tutganini e’tiborga oladigan bo‘lsak, mazkur gaplarning tagida chuqur, odamlarning taqdiriga aloqador dramatik holatlar yotganini anglaymiz.

“Majburiy emigratsiya – siyosiy, iqtisodiy va boshqa sabablarga ko‘ra o‘z ona yurtidan boshqa davlatga ko‘chib ketishga majbur bo‘lish” (izohli lug‘atdan).

Emigratsiyani kuchaytiruvchi omillarga: 

  • siyosiy, iqtisodiy nobarqarorlik,
  • bazaviy huquqlar ta’minlanmaganligi,
  • shaxsiy hayot, mulk, maskan dahlsizligi ta’min etilmaganligi sababidan yuzaga keladigan psixolologik diskomfort,
  • kishi o‘z yurtida iste’dodlarini, ichki potensialini ro‘yobga chiqarishga ko‘zi yetmasligi va boshqalar kiradi.

Boshqacha qilib aytganda, o‘zi yashab turgan joyida o‘zini yaxshi his qilmasa kishilar emigratsiya qilishga moyilliklari ortadi. Zero, insonmiz hammamiz – o‘zimiz uchun, farzandlarimiz uchun qulay bo‘lgan joyda, “ko‘kara olishimiz”ga ko‘zimiz yetadigan joyda yashagimiz keladi.

Biroq tug‘ilib o‘sgan yurtini tark etish kishi uchun kamdan-kam holatlarda oson kechadi – bir dunyo ichki va tashqi rishtalarni uzish – oson ish emas. Ammo bu masalaning bir tomoni. Ikkinchi tomoni – o‘sha rishtalar ila bog‘langan farzandlaridan ayriladigan yurt – unga ham oson emas. “Ona” deymiz yurtni axir, ruhi borligi uchun bo‘lsa kerak-da.     

Xalq – aslida nima u?

“Xalq” so‘zini ko‘p ishlatamiz. Biroq deyarlik ongsiz ravishda bu so‘zni biz ma’lum joyda muqim yashayotgan odamlar to‘plamiga nisbat beramiz, garchi bu to‘plamni yagona maqsad birlashtirmasa ham, garchi u amorf massa bo‘lsa ham.    

Aslida esa o‘zi yashab turgan joyiga dahldorlik hissi bor kishilar jipslashishi oqibatida, bizningcha,  XALQ degan birlashma yuzaga keladi. “Xalq” deganda biz aynan shuni nazarda tutmog‘imiz kerak, boshqa narsani emas. Yurti taqdirini o‘z taqdiri bilan bog‘laydigan, yaralarini o‘z tanasidagi yaralar deb tasavvur etadigan kishilar – xalq. Uyi ostonasini hatlab o‘tgandan keyin “bo‘ldi, bu yog‘i mening uyim emas” deydigan odamlar haqiqiy xalq emas.  

Demak, tom ma’noda xalq bu – ma’lum joyda yashaydigan odamlar to‘plami emas, balki ma’lum sifatlarni tashuvchi jamoat bo‘lib, uning asosiy va tadrijiy belgisi – bunday jamoat bilan birga har qanday islohotlarga urinish mumkin va aynan shunday jamoatni birinchi navbatda avaylash kerak.  

Xalq kushandasi yoxud “yoqmasa, ko‘chib ket!”

Buning aksi – odamlar hayoti bo‘lmag‘ur sabablar bilan qiyinlashtiraverilsa, kishilarga asossiz ozorlar berilaverilsa – bular ommani xalq bo‘lishiga yo‘l bermaydi va xalq bo‘layotganlarni ham el qilmay qo‘yadi. Boshqacha qilib aytganda, oddiy odamlarga nisbatan ozorlarni ko‘paytiruvchi omillar va kuchlar – aynan xalq kushandasi, ya’niki, ommaning ichidan xalqni sug‘urib oluvchi, vatanni esa g‘amxo‘rlaridan mosuvo qiluvchi kushanda. 

O‘tkan kunlarimizning mevalaridan biri – o‘zini “yurtning egasiman” degan toifaning – sinfning yuzaga kelgani. Davlat va xalqning o‘zaro uzoqlashgani, mansab egalari o‘zining xalq xizmatida ekanligini unutgani va eng asosiysi huquqtartibot idoralari faoliyati jamoatchilik nazoratidan xoli qolgani mazkur sinf yuzaga kelishiga omil bo‘ldi. Konstitutsiyaning “Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar” degan 2-chi moddasi batamom oyoqosti bo‘lgani muhitida ma’naviy qiyofasi izidan chiqqan mazkur qatlam paydo bo‘ldi va o‘zini yurt egasi deb his qilishi borgani sayin kuchayib boraverdi. Go‘yo aynan ular yurt egasi-yu, boshqa – sal boshqacharoq tushuncha va saviyaga ega insonlar O‘zbekistonni tark etishi lozim edi. Bu fenomen toifani ham aslida qurbon desa bo‘ladi – ular izidan chiqqan mantiqning qurboni bo‘lishdi.  

Hisobi yuritilmagan emigratsiya  

Achinarlisi – ko‘chib ketganlar rostdanam ko‘p bo‘ldi – hisobi yo‘q. “Hisobi yo‘q” deganda men sonini emas, balki yurtdan oqib ketgan odam boyligining sifatini nazarda tutyapman: millat intellektual zahirasining qay qismi shu davr mobaynida yurtni tark etdi – mana shuning hisobi yo‘q. Ammo taxmin qilishga ma’nan haqlimiz – bir toifa “yurt egasi” yorlig‘ini o‘ziga osib olib, har qanday fikriy siljishni “yot element”ga chiqargan, har qanday tanqidni “yoqmasa, ko‘chib ket” bilan qarshilagan joydan juda ko‘plab nodir iste’dodlar, yurtga foydasi tegishi mumkin bo‘lgan kishilar tark etgani – voqelik.  Mamlakat uchun bu katta fojia bo‘ldi.

Byurokratiya izmiga topshirilgan imliy institutlardan iste’dodli olimlar, korrupsiyaga botgan idoralardan salohiyatli xodimlar, egri iqtisodiy muhit sabab tang iqtisodiy holatda qolgan korxonalardan qo‘li gul mutaxassislar, oshkoralikka barham berilgan muhitdan kamchiliklar haqida jim tura olmaydiganlar ariq bo‘lib yurtdan oqib turdi – emigratsiya qildi.

Deyarlik unsiz – jim kechgan bu mudhish jarayon sabab endi mana islohotlar yo‘lida kadrlar masalasi ko‘ndalang turib qoldi... “Kadrlar yo‘q” degan gapni alam bilan, ilojsizlikdan lab tishlab aytishga majburmiz. Yaxshi kadrlar qaytishi uchun esa zamin yaratish kerak.

Zamin yoxud “shoshmang, hali biz shu yerdamiz!”       

Kadrlarning qaytib kelishi uchun esa zamin yo‘q. O‘zini vaziyat egasi deb his qiladigan toifa hamon hamma joyda, o‘z o‘rnida, o‘sha – ilmiy institutlarda deysizmi, korxona-yu idoralarda deysizmi o‘zining ko‘rimsiz vazifasini bajarib turibdi. Davlat idoralari yo‘lkalarida bu ruh hamon kezib yuripti – o‘zgacha fikrlaydiganlarni begona qiladiganlar “hamon shu yerda” ekanliklarini yashirishayotgani yo‘q.  

Bundan ham oshib tushadigani – huquq-tartibot idoralarida “yoqmasa, ko‘chib ket”chasiga fikr yuritadiganlar o‘z lavozim o‘rindiqlaridan hech qayerga “emigratsiya” qilishgani yo‘q va imkon paydo bo‘ldi deguncha bu “malaka”larini ishga solishga shayliklarinining guvohimiz.

Mansab o‘rindig‘ini o‘zi uchun “vatan” aylagan byurokrat, korrupsiyaga botgan amaldor yoxud vatanparvarlikni o‘ziga xos tushunadigan, iste’dodlarni faqat chet elga “kuzatib qo‘yishga” “iste’dodi” yetadigan huquq-tartibot xodimi – bular o‘zini yurt egasi hisoblashi to‘g‘ri emas.

Yurt aslida kimniki degan savolga javob berdik, degan fikrdaman. Endi o‘ylab ko‘raylik.

Mamlakat uchun jon kuydiradigan kishilar yurtning foyda-zararini teskari talqin qilgan  sinfning ta’siriga uchib emigratsiya qilishi – taslim bo‘lishi kerakmi? Bu savolga fitriy-mantiqiy javob shuki, fikr fikrsizlikka mag‘lub bo‘lmasligi kerak. Turli sohalarga doir jamoat birlashmalari tuzib birlashish, ilg‘or g‘oyalarni ilgari surish, byurokratiya va korrrupsiya holatlariga ommaviy kurash ochish lozim. Inson kapitali mamlakatdan oqib ketishidek fojiali holatga nisbatan jamoatchilik o‘laroq munosabat bildirmog‘imiz lozim. Holat o‘zgarishi kerak.

Muhammad Shakur 

Mualliflik maqolalarida bildirilgan fikrlar Togri.uz nuqtai nazarini ifoda etmasligi mumkin.

Bog'liq Yangiliklar

Togri.uz haqida

"Togri.uz" saytida nashr etilgan matn, audio va video materiallardan foydalanilganda birinchi xatboshidayoq ularga havola berilishi va “togri.uz” nomi eslatilishi shart. Guvohnoma: №1295. Berilgan sanasi: 10.06.2019. Muassis: “True Press Network” MCHJ. Rahbar: N. Ibragimov. Tahririyat manzili: 100017, Toshkent shahri, Sharof Rashidov ko‘chasi, 16-uy. Email: info@togri.uz. +998 71 207 11 16