chorshanba, 2019 Sentabr 18
33° TAS
9411.3 USD
146.51 RUB
10421.13 EUR
11764.13 GBP

Yuliy Yusupov: Korrupsiya va tanish-bilishsiz xususiylashtirish mumkinmi? – Gruziya misolida

IQTISODIYOT
24-avgust 2019
373

Togri.uz iqtisodiy islohotlarning jahon tajribasini o‘rganish, ularni amalga oshirish jarayonida mamlakatlar qo‘llagan asosiy tamoyillar, shuningdek, ular duch kelgan muammolarni tahlil qilmoqchi. Iqtisodchi Yuliy Yusupovning Gruziya islohotni qanday amalga oshirgani va bozor iqtisodini ro‘yobga chiqara olgani haqidagi turkum maqolalarining uchinchisini e’tiboringizga havola qilamiz.

Yuliy Yusupov: Gruziyadagi islohotlar samara berdimi? Yo‘l-yo‘lakay qilingan qaydlar. Uchinchi qayd.

Uchinchi qayd. Xususiylashtirishni korrupsiya va tanish-bilishchiliklarsiz amalga oshirish mumkinmi?

Gruziyadagi islohotlar haqida, O‘zbekiston uchun dolzarb bo‘lgan masalalar yuzasidan yondashgan holda, so‘zlashda davom etamiz.

Birinchi qayd: Yo‘lga otlanib

Ikkinchi qayd: Kuch ishlatar tizimni poraxo‘rlikdan tozalash mumkinmi?

 

Islohotlar boshlangan paytda Gruziyadagi xususiylashtirish sohasidagi vaziyat va hozirgi paytdagi O‘zbekistondagi ahvol bir-biriga juda o‘xshash.

Gruziyada ham, O‘zbekistonda ham davlat mulki jismoniy shaxslar qo‘liga 1990-yillarning boshida o‘ta boshladi. Lekin qariyb faqatgina kichik va o‘rta hajmdagi ob’ektlar xususiylashtirilgan, shu bilan birga yirik obyektlarni xususiylashtirish deyarli chetlab o‘tgan.  

Bizning mamlakatlarimiz uchun umumiy bo‘lgan yana bir qirra – "investitsion majburiyatlar" deb yuritiluvchi shartning mavjudligi, bunda mulk uning uchun ko‘proq pul to‘lashga tayyor shaxsga emas, balki o‘z bo‘yniga muayyan majburiyatlarni olishga tayyor odamga beriladi. Masalan, korxonaning ish faoliyati yo‘nalishini saqlab qolish, aniq bir miqdordagi mablag‘ni ishlab-chiqarishni kengaytirish uchun investitsiya qilish, xodimlar sonini qisqartirmaslik va hokazolar kabi shartlar bo‘lishi mumkin.

Bozorning qonunlari nuqtai nazaridan investitsion majburiyatlar – bu safsata (ba’zi hollardan tashqari). Tadbirkorda keljakda uning mahsulotiga ehtiyoj ortib borishi va u korxonasini kengaytirishiga aminlik qayerdan bo‘lsin? Bozor konyunkturasi o‘zgarsa-chi yoki kuchli raqobatchi chiqib qolsa-chi? Bunday holatda oldindan zararga qoldirishi aniq bo‘lgan  loyihani bor kuchi bilan saqlab qolishga uringandan ko‘ra, korxonaning faoliyat yo‘nalishini o‘zgartirish foydaliroq (biznes uchun ham, jamiyat uchun ham).

Ko‘rinib turibdiki, quyidagilar hamisha investitsion majburiyatlar uchun manba bo‘lib kelgan:

- samarasizlik (mulk uni yaxshiroq qo‘llay oladigan shaxsga emas, u uchun eng ko‘p mablag‘ sarflay oladigan kimsalarga berilgan),

- korrupsiya (negaki, mulk kimga berilishi kerakligi haqida aniq bir mezon yo‘q, shuning uchun korrupsion sxemalar uchun katta imkoniyatlar ochiladi),

- mansabdor shaxslarning o‘z vakolatlarini suiste’mol qilishlari (investitsion majburiyatlar – kelgusida amalga oshishi mumkin bo‘lgan mulki tortib olish holatlari uchun mukammal mexanizmdir, axir siz arzimas yoki mavhum majburiyatlarni bajarmasangiz bu sizdan mulkni tortib olishga sabab bo‘la oladi).

Boshqa yo‘li bormikan? Shart bitta bo‘lishi kerak: mulkni ko‘proq pul to‘lashga tayyor odam qo‘lga kiritadi. Bu borada Kaxa Bendukidze shunday deydi: "Xususiylashtirishning ikki ususli bor. Birinchisi  – go‘zallik tanlovi deb shartli nomlanadi va unda xaridor kelib “unaqa, bunaqa qilaman, qasam ichaman" degan va’dalarni beradi. Ikkinchisi – obyekt eng ma’qul narxni aytgan odamga sotiladi. Narsani va’dalar evaziga emas, real pulga sotish kerak: kim ko‘proq pul sarflasa, u ko‘proq achinadi. Past qiymatdan boshlanadigan auksion, u yog‘i qanday bo‘lsa! Gruziyadagi bu yondashuv hecham mashhur bo‘lmadi. U, hatto, mening hamkasblarim orasida ham ijobiy baholanmagan edi, ularni: "Agar u korxonani yopsachi? Aga u hech nima qilmasa-chi?" degan savollar qiziqtirar edi. Men bunga javoban: "agar kimdir nimagadir katta pul tikkan bo‘lsa, bu korxona ishlashi uchun, u tili yerga osilib ketgunicha yelib-yuguradi" deb aytardim.

Gruzinchasiga xususiylashtirish

Xususiylashtirish nimaga kerak? So‘zni Kaxe Bendukidzega beramiz: "Xususiylashtirish uchta natija beradi. Birinchisi, ammo asosiysi emas, bu – budjetga kirim. Ikkinchisi – mulkning davlat tasarrufidan chiqarilib xususiy mulkka aylantirilishi, bu o‘z o‘rnida, xususiy sektorning yanada samarali rivojlanishiga olib keladi. Va uchinchisi – pul va davlat kesishgan joyda, shubhasiz paydo bo‘ladigan korrupsiya bilan kurash".

Xususiylashtirish qanday o‘tganligini Larisa Burakovaning "Nega Gruziyaning qo‘lidan keldi?" kitobidan o‘qib olamiz:

Keng ko‘lamli xususiylashtirish siyosatiga start 2004-yil 15-iyulda, Gruziyaning Iqtisodiyot vazirligi birinchi bosqichda (2004–2006-yillar) xususiylashtirishi kerak bo‘lgan 372ta obyektning ro‘yxatini e’lon qilgan paytda berildi. Hammasi bo‘lib 1800 ta kichik, o‘rta va yirik korxonalarni sotish rejalashtirilgan. Jumladan "strategik obyektlar" deb nomlanuvchi, shu bilan birga "tabiiy monopoliyalar" deya yuritiladigan obyektlar ham: o‘rnatilgan telefon aloqasi, sog‘liqni saqlash, pochta, energetika,  suv va gaz ta’minoti, qishloq xo‘jaligi yerlari. Auksion orqali tabiiy manbalar (yer osti boyliklari, baliqchilik, o‘rmon xo‘jaligi) va radioto‘lqinlarga bo‘lgan huquqni sotish ham rejalashtirilgan.

Gruziya imkon qadar ochiq iqtisodiyot yo‘lini tanladi, shuning uchun ko‘pchilik yirik davlat kompaniyalari xaridorlarga hech qanday cheklovlarsiz sotuvga qo‘yildi. "Kechki Tbilisi" gazetasining 2004-yil avgust oyida chiqqan soni sarlavhasida aytilishicha, "Davlat mulkini xususiylashtirishda har kim ishtirok etsa bo‘ladi, faqat pulingiz bo‘lsa bo‘lgani... ". Kichik obyektlarning asosiy xaridorlari mahalliy kompaniyalar bo‘ldi, yirik obyektlar esa – chet el kompaniyalariga tegdi.

Xususiylashtirishning asosiy natijasi – xususiy korxonalarda ishlab chiqarish hajmining keskin o‘sishi: ushbu davrgacha bo‘lgan 5 yil ichida mazkur sektordagi mahsulot hajmi 73% ga oshgan bo‘lsa, bundan keyingi 5 yillikda (2004–2008-yillar) – 2,3 baravarga oshdi. Natijada, davlat korxonalaridagi mahsulot hajmi 2010-yilda 2006-yilgi narxlarda 580 million AQSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa, xususiy korxonalarda qariyb 10 marta ko‘p miqdorni tashkil etdi. 2003-yilda, katta xususiylashtirish boshlangunga qadar, davlat korxonalari deyarli o‘shancha ishlab chiqqan – 2006-yil narxlarida 576 million AQSh dollari, xususiy korxonalar esa 2010-yildagiga nisbatan 4,8 marta kam ishlab chiqargan.

Xususiylashtirishdan budjet ham naf ko‘rdi. 2001–2003-yillarda kapital kirimlar barcha kirimlarning 1 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2005–2007-yillarda xususiylashtirish hisobiga  mustahkamlashtirilgan budjetda kirim qismining 10,7-12,9 foizi shakllandi. 2004-yilning oxirida Saakashvili keyingi yilda xususiylashtirishdan 200 million AQSh dollari hajmida kirim olishni rejalashtirayotganligini aytdi, va o‘shanda bu ko‘pchilikka erishib bo‘lmas natija bo‘lib tuyulgan edi (bu paytgacha, shunga yaqin summa – 199,6 million AQSh dollari – to‘qqiz yil ichida – 1996-yildan 2004-yilgacha shakllangan edi). Ammo shu narsa aniqlandiki, u ko‘zlagan reja ancha kamaytirilgan ekan: 2005-yilda xususiylashtirishdan budjetga tushgan kirim 231,4 million AQSh dollarini tashkil etdi.

Energetika sohasidagi islohotlar

Islohot davrigacha bo‘lgan Gruziyadagi va hozirgi kunda O‘zbekistondagi (ayniqsa viloyatlarda) elektroenergetika sektorining ahvoli ko‘p sohalarda o‘xshash. “2007 yildan Gruziyada energetika vaziri bo‘lgan Aleksandr Xetaguri yodga oladi:

"Barcha sarf-xarajatlarni qoplay olmaydigan qarzdorliklar, past tariflar sabab, barcha gidrostansiyalar yaroqsiz holga tushgan edi. Issiqlik elektrostansiyalari uchun yoqilg‘ining xarajatlarini qoplash imkoni yo‘q edi, to‘lovlar hajmi o‘rtacha 30 foizni tashkil qilardi, qarzdorlik miqdori oshib ketgan edi. Qarzdorliklar sabab, issiqlik elektrostansiyalari ishdan to‘xtab kolgan edi. Natijada zanjir reaksiyasi boshlandi, viloyatlarda elektr energiyasini kuniga 8 soatga, Tbilisining o‘zida esa – 16–18 soatga beradigan bo‘ldi. Shunday hududlar ham bo‘ldiki, ularda elektr energiyasi ikki-uch oy davomida umuman berilmagan".

Islohotgacha bo‘lgan davrda Gruziyaning elektroenergetika sektori achinarli ahvolda edi: ayrim hududlar oylab elektr energiyasisiz kun kechirardi. Islohotlardan keyin Gruziya elektr energiyasini import qiluvchi mamlakatdan uni eksport qiluvchi mamlakatga aylandi.

Yuliy Yusupov: Korruptsiya va tanish-bilishchiliksiz hususiylashtirish mumkinmi? – Gruziya misolida

Sohani rivojlantirishga bo‘lgan yondashuvlar ham juda o‘xshash edi: texnologik modernizatsiyaga pul tikish kerak – turbinalar sotib olishga, elektr energiyasini uzatish tarmoqlarini yangilash va hokazolar.

O‘zbekistonning elektr energiyasi sektorini rivojlantirish dasturiga  nazar tashlang. U asosan investitsion redalardan iborat: texnologik modernizatsiya uchun qayerga va qancha pul sarflash kerak.  Raqobatni kuchaytirish va elektr energiyasini generatsiyalash va ulgurji savdosi sohasiga xususiy investorlarni kiritish ko‘zda tutilgani haqida yo‘l-yo‘lakay aytib o‘tilgan, xolos. Bunda ushbu sektorni texnologik modernizatsiyalash bo‘yicha asosiy yuk aynan xususiy investorlarga tushishi kerak. Davlat nazorati ostidagi tabiiy monopoliya bo‘lib faqatgina elekt tarmoqning magistral yo‘li qoladi.

Ammo bu maqsadni amalga oshirish uchun faqatgina xohishning o‘zi kamlik qiladi.  Buning uchun sohani boshqarishni qayta tuzishning aniq dasturini va elektroenergiya bozorida raqobatni shakllantirishga imkon beradigan o‘yin shartlarini ishlab chiqish zarur. Busiz texnologik modernizatsiya bo‘yicha barcha rejalar – quruq gapligicha qolaveradi, ajratiladigan pullar esa bekorga sarflanadi va kimlar tomonidandir o‘zlashtiriladi. Ushbu sektorga investorlar kelishi uchun, ular aniq va shaffof qoidalarni ko‘rishlari, hamda bu qoidalar qanday ishlashini tushunishlari, tartibga soluvchi organga, uning rejalariga va kasbiy layoqatiga ishonishlari lozim.

Shunga o‘xshash muammolar bilan gruziyalik islohotchilar ham to‘qnash kelishdi. Kaxa Bendukidze: "2004-yilga tuzilgan reja shundan iborat ediki, faqatgina investitsiya, investitsiya, investitsiya kiritish kerak edi, u yog‘iga esa, qarabsizki, masala o‘zi hal bo‘ladi. (O‘zbekistondagi investitsion dasturlarning o‘zginasi – Yu.Yu.). Avval boshidan menga shu narsa ayon bo‘ldiki, nazoratni to‘xtatish va xususiylashtirish zarur. Lekin hamma bunga qarshi edi". Shunday bo‘lsada, Bendukidze oxir oqibat hukumat va parlamentni tub islohotlar zarurligiga ishontira oldi. 2006-yil 7-iyun kuni Gruziya parlamenti "Energetika sektorida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari"ni tasdiqladi. Hujjat energetika sektorida raqobat muhitini yaratish va energetik ob’ektlarni xususiy mulk tasarrufiga o‘tkazishga yo‘naltirilgan edi.

Islohot elektr energiyasini generatsiyalash,  yetkazib berish (taqsimlab beruvchi tarmoqlar orqali)  va sotish bo‘yicha vazifalarni aniq taqsimlashdan iborat edi. Elektr energiyasi ta’minotchilari xaridorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish imkoniga ega bo‘ldilar, bu to‘lov intizomini kuchaytirishga imkoniyat yaratdi. Shuningdek, investorlarni sektorga jalb etish uchun to‘lov narxlari ham oshirildi. Va, nihoyat, yakunlash bosqichida energetik ob’ektlarning yevropalik va rossiyalik kompaniyalar tomonidan xususiylashtirilishi o‘tkazildi.

Shunga o‘xshash sxema orqali gaz ta’minoti sektorida ham nazoratni to‘xtatish va xususiylashtirish jarayoni olib borildi. Barcha gaz yetkazib beruvchi kompaniyalar xususiy mulk hisobiga o‘tkazildi. Davlat faqatgina magistral quvurlarni o‘zida qoldirdi.

Islohotlar natijalari maqtovga arzigulik bo‘ldi.

2005-yil fevral oyida Mixail Saakashvili  qo‘yidagi mo‘ljalni oldinga surdi: "2006-yilning qish fasliga qadar Gruziyadagi har bir uy 24 soat davomida elektr bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak". Va yil oxiriga kelib, so‘nggi o‘n yil ichida ilk marotaba faqatgina poytaxtda emas, balki viloyatlarda ham uzluksiz elekr energiyasi ta’minoti yo‘lga qo‘yildi.  Haydovchimiz, Giyya, Gruziyaning Qora dengiz bo‘yida joylashgan eng kichik qishlog‘i – guriyalik yigit eslaydi: "Uzoq yillar davomida bizda umuman elektr energiya bo‘lmagan. Umuman aytganda, O‘rta asrlardagidek degani. Mening qizlarim shamchiroq va kerosin lampalari yorug‘ida katta bo‘lishdi. Saakashvili hokimiyatga kelgandan keyin qariyb darhol bizning uylarimizga chiroq keldi. O‘shandan buyon biror marta elektr energiyasiga bog‘liq muammo kelib chiqmadi". Undan tashqari Gruziya 2007-yildan buyon elektr energiyasining yirik importchisidan yirik eksportchisiga aylandi. To‘lovlarni topshirish 2003-yildagi 20%dan 2007-yilda 95%ga ko‘tarildi.

Elektr stantsiyalarining xususiylashtirilishi va sektorda erkin raqobat uchun sharoitlarning yaratilishi muqobil energetikaga investitsiya kiritilishiga turtki bo‘ldi

Yuliy Yusupov: Korruptsiya va tanish-bilishchiliksiz hususiylashtirish mumkinmi? – Gruziya misolida

"To‘g‘ri, aholining pul chiqimlari tuzilmasida elektr energiyasi va yoqilg‘iga xarajatlari ulushi 2001–2004-yillardagi 7,5% dan 2008–2009-yillarda 10,4 %ga oshdi, lekin bu pullar qaerga ketdi va nimaga sarflandi, degan savollar tug‘ilmaydi", deb xulosa qiladi Larisa Burakova.

Mansabdor shaxslarimiz energomanbalarning narxini oshirgan va budjetning navbatdagi milliardlarini texnik modernizatsiyaga sarflagan bilan, energetika  sektorining muammolarini yechib bo‘lmasligini qachon anglar ekanlar?

Qishloq xo‘jalik yerlarini xususiylashtirish

Bugungi kunda O‘zbekiston oldida agrar reformalar o‘tkazish vazifasi turibdi. Shuning uchun Gruziya tajribasi bizga hecham ortiqchalik qilmaydi.

Gruziyada qishloq xo‘jalik yerlarini xususiylashtirish nega va qay tarzda  amalga oshirildi? So‘z Larisa Burakovaga:

460 ming gektar yerni xususiylashtirishga qaratilgan islohot (qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning qariyb yarmi), aslida davlatning moliyaviy naf ko‘rishiga qaratilmagan edi, balki agrar sektorda mahsuldorlikni oshirishni ko‘zlagan edi. Buning uchun esa, yerlar imkon qadar tezroq o‘z egalarini topishi kerak edi.

1992-yildayoq tomorqa yerlar tekinga xususiy mulk hissobiga o‘tkazilgan edi. Davlat yerlarining boshqa qismi uzoq muddatli ijara ko‘rinishida berib yuborilayotgan edi. Qonun ijarachilarga ijaraga olingan yerlarni o‘z mulkiga aylantirish imkonini kafolatlamas edi, shuning uchun yer uchastkalarining vaqtincha ijarachilari, odatga ko‘ra, yer sifatini saqlab qolishga urinmas, hatto aksincha, yerga ishlov berishga pul sarflamay, undan maksimal darajada foyda ko‘rishga harakat qilardilar. Bundan tashqari, hokimiyatdagi kuchlarning o‘rni almashishi bilan ijarachilar ham o‘zgarib turar edi, bu hol deyarli har ikki yilda takrorlanib turardi. Shularni inobatga olib, har bir odam yer uchastkasidan bir vaqtning o‘zida hamma narsani olishga harakat qilardi.

Bendukidzening jamoasi ijarachiga foydali bo‘ladigan xususiylashtirish dasturini ishlab chiqdi: agar shu paytga kelib, kimdir yer ijaraga olgan bo‘lsa, u yerni davlatdan bozor narxidan ancha arzon, shu yer uchastkasiga to‘lanadigan yillik soliqning o‘n baravari hajmidagi  narxda sotib olishi mumkin edi.  Bundan tashqari, bu pul miqdorini  bir necha yil (uzog‘i bilan to‘qqiz yil) davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash mumkin edi.… Qolgan yerlarni auksionga qo‘yish  taklif qilingan edi. Lekin Qishloq xo‘jaligi yerlarini xususiylashtirish haqidagi Qonun, ehtimol, parlament tasdig‘idan eng qiyin o‘tganlaridan biri bo‘ldi desa mubolag‘a bo‘lmaydi.

Qishloq xo‘jaligi yerlarini xususiylashtirish tashabbusiga qarshi chiqqan birinchi guruh Germaniya hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan germaniyalik mutaxassislar bo‘ldi, ular yerlarni baholash bilan birga yer kadastrlarini tuzish bilan shug‘ullanayotgan edilar (qayerda va qancha kaliy, magniy, fosfor va hokazolar bor) – o‘n besh yil istiqboldagi ish. "Salobatli, sochlariga oq oralagan nemis kishisi kelar edi va yerning qanaqaligini bilmasa, odam yerni sotib olishi kerakmi yoki yo‘qmi qayerdan biladi, deb so‘rar edi. Bunga javoban men: “Qishloqlardagiday, qo‘liga bir hovuch tuproqni oladi, kaftlarini ochib hidlab ko‘radi va yerni sotib oladi yoki sotib olmaydi, bu yog‘i endi uning ishi” derdim", – deb eslaydi Bendukidze. Bir tomondan, ekspertlar haqiqatda ham o‘z ishiga ishonar edi, boshqa tomondan esa, bu dastur bir necha yillar davomida ko‘pgina maslahatchilar, bir nechta muassasa  va nodavlat tashkilotlar xodimlariga qiyinchilik ko‘rmay, ro‘zg‘or tebratishga imkon berardi.

Biroq, eng kuchli qarshilik bu siyosiy qarshilik bo‘ldi. Islohot barcha yerlarning xususiylashtirilishini nazarda tutgan edi, jumladan chegaraoldi erlarini ham, 1990-yillarda esa chegaraning butun uzunligi bo‘ylab 5 kilometrli chiziq "xavfsizlikni ta’minlash maqsadida" iste’moldan chiqarilgan edi. Aslida, bu yerlarga chegara xizmati boshliqlari norasmiy tarzda egalik qilishar edi va ularning ishi juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan edi: mashinalar va benzinni ulardavlat hisobidan olishardi, yer uchun hech kim to‘lov so‘ramas edi, ishchi kuchi – askarlar ham bor edi. Barcha chiqimlar davlatning zimmasida edi, vaholanki foydani davlat xodimlari olar edi. Yoki ular yerlarni norasmiy ravishda ijaraga berib, undan kelgan pullarni cho‘ntaklariga urishardi.

Xususiylashtirish natijasi – yer, uning mahsuldorligi haqida qayg‘uradigan, haqiqiy egalarini topdi.

Yerni xususiylashtirish jarayoni kuchli siyosiy qarshilikka uchradi, ayniqsa chegara xizmati mansabdorlari tomonidan. Shunday bo‘lsada, islohotni hayotga tadbiq etishga erishildi. Natija – yer, uning mahsuldorligi haqida qayg‘uradigan, haqiqiy egalarini topdi.

Yuliy Yusupov: Korruptsiya va tanish-bilishchiliksiz hususiylashtirish mumkinmi? – Gruziya misolida

Mulkning jamoat reyestri

Yerni xususiylashtirishning mantiqiy davomi sifatida mulkning jamoat reestrini isloh qilish bo‘ldi.

Larisa Burakova:

Mol-mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni, inqilobgacha bo‘lgan davr davlat tashkilotlari bilan bo‘lgan deyarli har qanday munosabatlar kabi, korrupsiya uchun eng ma’qul zamin edi. Yangi mulkdor oylab ro‘yxatdan o‘tkazishni kutishiga to‘g‘ri kelardi, vaholanki usiz, deylik kredit rasmiylashtirish va demak, biznesni boshlashning iloji yo‘q edi.

Birinchi navbatda, islohotchilar elektron ro‘yxatdan o‘tishni yo‘lga qo‘yishdi. Ikki oy davomida ro‘yxatga oluvchi va fuqarolar munosabatlarni imkon qadar yengillashtiradigan elektron hujjat almashish qoidasini amaliyotga tadbiq etish imkonini beradigan maxsus dasturni yaratish va ishga tushirishga erishildi. Hozirda barcha ma’lumotlar Jamoat Registratsiyasi Milliy Agentligi saytida berilgan: ro‘yxatdan olish bormi yoki yo‘q, to‘xtatib qo‘yilganmi, agar shunday bo‘lsa, sababi nima, ro‘yxatga olishni qayta boshlash uchun qanday hujjatlar kerak bo‘ladi va hokazolar. Xodimlarning o‘zlari faqatgina elektron hujjatlar bilan ishlashadi (kiradigan barcha hujjatlar skaner qilinadi). Bu ishda har qanday to‘xtab qolishlar sonini va yo‘qotishlar ehtimolini  kamaytiradi, shuningdek tezda u yoki bu ro‘yxatga oluvchining ish samaradorligini baholash imkonini beradi: qancha hujjat uni kutib qolganini kuzatish osonlashadi.

Jarayonning sezilarli darajada osonlashtirilgani, tabiiyki,  ro‘yxatga olish muddatida o‘zgarishlar bo‘lishiga olib keldi: bir oy muddatning o‘rniga boshida o‘n kun, keyin to‘rt, undan so‘ng uch, va nihot, bir kun deb belgilandi. Tabiiyki, bunidan so‘ng ro‘yxatga olish jarayonining o‘zi ham o‘zgardi. Ilgari reestrdan olingan ko‘chirmada ro‘yxatga oluvchining imzosi va muhri bo‘lishi shart edi. Ro‘yxatga olishlar soni oshishi bilan, bu talab jarayonni sekinlashtira boshladi, Internetda ro‘yxatga olish bo‘yicha ochiq ma’lumotlar bazasi paydo bo‘lishi bilan esa, umuman mantiqsiz narsaga aylanib qoldi va u bekor qilindi. Hozirgi paytda, har qanday operatsiya uchun reestrdan identifikatsiya raqami bo‘lgan elektron ko‘chirma etarli. Undagi ma’lumot agentlik saytidagi ma’lumot bilan taqqoslash uchun kerak.

Shu bilan bir qatorda, avtorizatsiyalashgan foydalanuvchi tushunchasi kiritildi. U jo‘natgan ma’lumot haqqoniyligi haqida shartnomani imzolashga va yiliga 560 AQSh dollari to‘lashga tayyor bo‘lgan har qanday odam, reyestrning ma’lumotlar bazasiga VPN-ulanish orqali kirish uchun cheklangan imkon beradigan avtorizatsiyalashgan foydalanuvchiga aylanishi mumkin edi. Bunday foydalanuvchi hamma hujjatlarini skanerdan o‘tkazib, arizasi bilan birga reyestrga jo‘natadi, bunday olib qaraganda, u o‘z mulkini mustaqil ravishda o‘zi ro‘yxatdan o‘tkazadi, bir oyda bir marta hujjatlarning asl nusxasini olib keladi.

Reyestrning avtorizatsiyalashgan foydalanuvchisi bo‘lgan banklarda, mijozlar bilan o‘zaro munosabat osonlashdi, chunki kreditni o‘sha joyning o‘zida olish mumkin bo‘ldi: buning uchun, ilgarigiday, reyestrdan ko‘chirma olish, notariusda tasdiqlatish, bankka kelish, keyin yana reestrga borish va shundan keyingina kredit olish kerak bo‘lmay qoldi. Bu tizim yordamida hujjatlarni zaruriy notarial tasdiqdan o‘tkazish qoidasi bekor qilindi. Reyestr xodiim hujjatlarni tomonlar imzolaganini o‘zi tasdiqlaydi, lekin hujjat mazmunida qandaydir qonunga zid narsa bo‘lsa, buni hal qilish tomonlarning ishi, ro‘yxatdan o‘tkazuvchiga aloqasi yo‘q.

Mol-mulkka bo‘lgan huquq, ipoteka huquqi, kadastr o‘lchovlari (ya’ni yerga egalik qilish chegaralarini belgilash va ularni ro‘yxatdan o‘tkazish) ni ro‘yxatga olish vazifasidan tashqari, jamoat reyestriga mol-mulkni hibsga olishni ro‘yxatga olish ham qo‘shildi. Reyestr faoliyatining samaradorligi oshishi 2010-yilda unga kompaniyalarni ro‘yxatga olishni topshirishga imkon berdi, bu paytgacha bu bilan soliq qo‘mitasi shug‘ullanar edi. Bu narsa kompaniya haqidagi barcha ma’lumotlarni va uning mulki va aktsiyalarni hibsga olinmaganligi haqida bitta hujjatda aks ettirish imkonini berdi.

Jamoat reyestrining islohoti Gruziyadagi ro‘yxatga olish tizimini eng yaxshilaridan biriga aylantirdi: Jahon bankining biznesni yuritish osonligi reytingida, "mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish" kategoriyasida Gruziya ketma-ket uch yil davomida jahonda ikkinchi o‘rinni egallab keldi.

Ta’kidlash joizki, Gruziyada jamoat reyestri bilan birga, fuqarolik reyestri ham bor, u ham Adliya vazirligi tasarrufida. U ham xuddi shunday tamoyil asosida tashkil etilgan va barcha shaxsiy hujjatlarni beradi (pasportlar, tug‘ilganligi haqida guvohnomalar va nikoh guvohnomalari, vaqtinchalik ro‘yxatga olish va hokazolar). Tizimning elektron shaklga o‘tishi, mamlakatning barcha hududlaridagi ma’lumotlarni umumlashtirish, hujjat olish jarayonini osonlashtirish va bu sohadagi korrupsiyani kamaytirish imkonini berdi.

(Davomi bor)

Mualliflik maqolalarida bildirilgan fikrlar Togri.uz nuqtai nazarini ifoda etmasligi mumkin

Bog'liq Yangiliklar

Togri.uz haqida

"Togri.uz" saytida nashr etilgan matn, audio va video materiallardan foydalanilganda birinchi xatboshidayoq ularga havola berilishi va “togri.uz” nomi eslatilishi shart. Guvohnoma: №1295. Berilgan sanasi: 10.06.2019. Muassis: “True Press Network” MCHJ. Rahbar: N. Ibragimov. Tahririyat manzili: 100017, Toshkent shahri, Sharof Rashidov ko‘chasi, 16-uy. Email: info@togri.uz. +998 71 207 11 16